AQSh prezidenti Donald Tramp poytaxtda Milliy gvardiyaning ikki a’zosi otib tashlangan hodisani “terrorchilik akti” deb atadi. Bu haqda u hodisadan so‘ng e’lon qilingan videomurojaatida ma’lum qildi.
Tramp otishmani “jirkanch” va “nafratga to‘la” deb baholadi. Uning aytishicha, hibsga olingan gumonlanuvchi 2021 yil sentyabr oyida Afg‘onistondan AQShga kelgan muhojirdir.
Prezident o‘z murojaatida Jo Bayden ma’muriyatini “nihoyatda xavfli migrasiya siyosati” orqali mamlakatga “jiddiy zarar” keltirganlikda aybladi.
“Bu butun xalqimiz va insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bugun tunda barcha amerikaliklarning qalbi G‘arbiy Virjiniya Milliy gvardiyasining bu ikki a’zosi va ularning oilasi bilan”, — dedi Tramp.
Uning topshirig‘iga ko‘ra, Vashington xavfsizligini ta’minlash maqsadida poytaxtga qo‘shimcha 500 nafar Milliy gvardiyachi yuborildi. Prezident bunday hujumlar ma’muriyatini “qo‘rqita olmasligini” va kelgusida shunga o‘xshash voqealarning oldini olish uchun poytaxtni yanada xavfsizroq joyga aylantirishini ta’kidladi.
“Amerika hech qachon terrorizmga bosh egmaydi”, — dedi u.
Vashington polisiyasiga ko‘ra, otishma mahalliy vaqt bilan 14:15 da Oq uyga yaqin hududda sodir bo‘lgan. Ikki nafar gvardiyachi og‘ir jaraxatlangan, gumonlanuvchi esa hibsga olingan.
FQB direktori Kesh Patelning ma’lum qilishicha, jabrlanganlarning ahvoli hali ham og‘ir. Tergov “eng yuqori milliy xavfsizlik darajasi”da olib borilmoqda.
Vashington meri Myuriel Bauzer hodisani “qasddan qilingan, maqsadli hujum” deb atadi va FQB bilan hamkorlikda batafsil tergov o‘tkazilishini ma’lum qildi.
G‘arbiy Virjiniya gubernatori Patrik Morrisi dastlab ikki harbiy halok bo‘lganini aytgan, biroq keyinchalik “ziddiyatli ma’lumotlar” tufayli bayonotini o‘zgartirdi.
Ilk izohiNumda Tramp otishma sodir etgan shaxsni “hayvon” deb atadi va jarohatlangan gvardiyachilarning kasalxonada davolanayotganini tasdiqladi. Prezident hujumchi “katta javobgarlikka tortilishi”ni qayd etdi.
Ayni paytda Dominikan Respublikasida bo‘lgan AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset ham poytaxtga qo‘shimcha kuchlar yuborilishini tasdiqladi.