AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hukumati unga qarshi suiqasd amalga oshirgudek bo‘lsa, Tehronni qanday jazo kutayotganini ochiqladi.
“Agar Eron hukumati AQShning amaldagi prezidenti, ya’ni meni o‘ldirsa yoki o‘ldirishga urinsa, minglab raketalar Eron Islom Respublikasiga qarshi qo‘llanadi”, – deb yozdi u Truth Social platformasidagi rasmiy sahifasida.
Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar harbiylariga bu borada allaqachon yo‘l-yo‘riq berilgan va ular yil davomida Eronni yakson qilishga shay holatda turibdi.
Tramp The New York Post nashriga bergan intervyusida ham Eronning birinchi raqamli nishoni ekani, unga biror kor-hol bo‘lsa, fors davlati misli ko‘rilmagan darajada bombalanishi haqida gapirgan.
Avval xabar berganimizdek, Isroil AQSh hukumatiga Eron tomonidan prezident Trampga qarshi yangi suiqasd rejasi tayyorlanayotgani haqida razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan. Manbalarga ko‘ra, Isroilning ogohlantirishi joriy haftada Vashingtonga etkazilgan.
Eron rasmiylari 2020 yilda Islom inqilobi muhofizlari korpusi generali Qosim Sulaymoniy AQSh zarbasida o‘ldirilgani uchun Trampdan qasos olish haqida bir necha bor bayonot berib kelgan. Ammo tahlilchilar Tehron hukumati tomonidan AQSh prezidentiga suiqasd amalga oshirilishi ehtimoli past ekanini aytadi. Chunki dunyodagi eng qattiq qo‘riqlanadigan davlat rahbariga suiqasd uyushtirish va uning muvaffaqiyatli chiqishi amrimaholdir.
Isroilning suiqasd haqidagi so‘nggi ogohlantirishi ham Vashingtonni Eronga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirishga undash maqsadida berilgan bo‘lishi mumkin.
AQSh va Eron o‘rtasida iyun oyida tuzilgan sulh bitimi mo‘rt bo‘lib chiqdi. 8 iyul kuni tomonlar bir-biriga hujum uyushtirdi. Jumladan, AQSh harbiy kuchlari Eron hududidagi 80 dan ortiq harbiy ob’ektga havo zarbalarini amalga oshirdi. Vashington bu hujumlarni Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tijorat kemalariga qilingan hujumlarga javob sifatida izohladi.
O‘z navbatida, Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi AQShning Bahrayn va Kuvaytdagi harbiy ob’ektlariga keng ko‘lamli raketa va dron hujumlarini amalga oshirganini ma’lum qildi.
Buning ortidan Tramp iyun oyidan buyon amal qilayotgan sulh bitimi o‘z kuchini yo‘qotgani, ammo muzokara imkoniyati saqlanib qolayotganini aytdi.
Ma’lumot o‘rnida: prezidentlikka nomzodlik davrida Trampga bir necha bor suiqasd amalga oshirilgani va aksar hollarda bunday urinishlarning oldi olingani ma’lum.
Jumladan, 2024 yil 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatidagi saylovoldi uchrashuv payti Trampga qarshi suiqasd uyushtirilgan. 20 yoshli Tomas Metyu Kruks ismli shaxs tomonidan otilgan o‘q Trampning o‘ng qulog‘ini yalab o‘tgan. Siyosatchi yengil jarohat olgan, mergan esa otib o‘ldirilgan.