AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazish vaqti kelganini ma’lum qildi. Bu haqda u Politico nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Trampning aytishicha, rasmiy Kiyev urushni bahona qilib saylovlarni doimiy ravishda kechiktirayotgani haqida o‘ylab ko‘rishi kerak.
«Menimcha, vaqti keldi. Hozir — saylovlar uchun muhim fursat. Ular saylov o‘tkazmaslik uchun urushdan foydalanyapti, ammo ukrain xalqi tanlash huquqiga ega bo‘lishi kerak. Balkim, Zelenskiy yana g‘alaba qozonar», – dedi AQSh prezidenti.
U, shuningdek, Ukrainada «juda ancha vaqtdan beri» prezident saylovlari o‘tkazilmaganini ta’kidlagan.
«Demokratiya haqida gapirishadi, lekin bu darajada saylovlarni o‘tkazmaslik – demokratiya emas», — dedi Tramp.
Ma’lumot uchun, Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, harbiy holat davrida prezident va parlament saylovlari to‘xtatiladi. Harbiy holat 2022 yil fevral oyida, Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga kirganidan so‘ng joriy etilgan va shu vaqtdan beri bir necha bor uzaytirilgan.
Shu bois, 2023 yil oktyabrdagi parlament saylovlari hamda 2024 yil martdagi prezidentlik saylovlari o‘tkazilmagan.
O‘z navbatida, Rossiya rasmiylari saylovlar bo‘lmagani uchun Zelenskiyning legitimligini shubha ostiga qo‘yib keladi.
Tramp 2025 yil fevralida ham Ukrainada saylovlarni tezlashtirishni talab qilib, Zelenskiyning reytingi «4 foiz» ekanini aytgan. Ammo bu raqamni hech bir so‘rovnoma tasdiqlamagan.