AQSh prezidenti Donald Tramp yetakchi sun’iy intellekt kompaniyalariga o‘zlarining eng kuchli modellarini ommaga taqdim etishdan oldin hukumatning kiberxavfsizlik tekshiruvlariga ixtiyoriy ravishda taqdim etish imkonini beruvchi farmonni imzoladi.
Qaror Anthropic tomonidan ishlab chiqilgan Mythos sun’iy intellekt modeli bilan bog‘liq xavotirlar ortidan qabul qilingan. Kompaniya ushbu modelni kompyuter tizimlaridagi zaifliklarni aniqlash va fosh qilish imkoniyati yuqori ekanini vaj qilib, ommaga chiqarishdan bosh tortgan.
Yangi farmonga ko‘ra, sun’iy intellekt ishlab chiquvchilari o‘z mahsulotlarini chiqarishdan avval ularni davlat mutaxassislariga taqdim etib, kiberxavfsizlik nuqtai nazaridan baholatishi mumkin bo‘ladi.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, tashabbusning maqsadi — ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyalaridan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan kibertahdidlarni erta aniqlash va milliy xavfsizlikni mustahkamlashdan iborat.