AQSh prezidenti Donald Trampning o‘g‘li va Trump Organisation kompaniyasi hamraisi Erik Tramp Financial Times nashriga bergan intervyusida o‘zi yoki Tramp oilasining boshqa a’zolari kelajakda siyosiy faoliyatni davom ettirishi mumkinligini bildirdi.
«Men ko‘rayotgan siyosatchilarning yarmi menga hech qanday ta’sir qoldirmaydi. Men esa bu rolni ancha samaraliroq bajara olaman», — dedi u. Erikning aytishicha, «vaqt ko‘rsatadi», va u Tramp oilasidan boshqa nomzodlarni ham istisno qilmadi: «Mendan tashqari yana boshqalar ham bor».
Shu bilan birga, u yaqinlariga tushayotgan bosim va stressni hisobga olgan holda siyosatga kirishni ma’qullash yo ma’qullamaslik borasida ikkilanishini bildirgan.
«Men farzandlarim so‘nggi o‘n yilda men boshdan kechirgan voqealarni qaytarishlarini istaymanmi? Ishonchim komil emas. Agar javob “ha” bo‘lsa, menimcha, siyosiy yo‘l oson bo‘lardi — ya’ni men bunga qodirman. Va aytadigan bo‘lsam, bizning boshqa oila a’zolarimiz ham bunga qodir», — dedi u.
Erik Tramp 41 yoshda. U prezidentning uchinchi o‘g‘li va ko‘p yillardan beri oilaviy biznes bilan shug‘ullanib keladi. Unga ko‘ra, Donald Tramp hozir kompaniyani boshqarishda ishtirok etmayapti, chunki u «Uchinchi jahon urushiga yo‘l qo‘ymaslik»ka yo‘nalgan.
Erik ta’kidlashicha, agar otasi siyosat bilan shug‘ullanmaganida, biznes ancha rivojlangan va oilaning boyligi ham yuqoriroq bo‘lishi mumkin edi.
Donald Trampning besh nafar farzandi bor: Donald Junior, Ivanka, Erik, Tiffani va Berron. Uning shuningdek, 11 nafar nabirasi bor. Prezident avvalroq uchinchi muddatga ham nomzodini qo‘yishi mumkinligini aytgandi, biroq AQSh Konstitusiyasiga ko‘ra, bir shaxs faqat ikki muddat prezidentlik qilishi mumkin.