Donald Tramp, agar Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatmasa, Rossiyaga yuqori bojlar va qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishi haqida ogohlantirdi.
U o‘zining "Truth Social" ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida urushni hal qilishga undash orqali Rossiya va uning prezidentiga "juda katta iltifot" ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Ilgari Tramp 2022 yil fevralida boshlangan Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinini bir kunda hal qilish bo‘yicha muzokaralar olib borishini aytgan edi.
Rossiya hozircha bu bayonotlarga javob bermadi, biroq yuqori lavozimli amaldorlar so‘nggi kunlarda Moskvaning yangi AQSh ma’muriyati bilan munosabat o‘rnatishi uchun kichik imkoniyat mavjudligini bildirdilar.
Putin 2014 yilda boshlangan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanligini bir necha bor aytgan, ammo uning fikricha, Ukraina hozirda o‘z hududining taxminan 20 foizini tashkil etuvchi Rossiyaning hududiy yutuqlarini tan olishi kerak. Shuningdek, u Ukrainaning G‘arb davlatlarining harbiy ittifoqi bo‘lgan NATOga qo‘shilishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi.
Kiyev o‘z hududidan voz kechishni xohlamaydi, garchi Prezident Volodimir Zelenskiy hozirda bosib olingan ayrim yerlarni vaqtinchalik topshirishga majbur bo‘lishi mumkinligini tan olgan.
Seshanba kuni Tramp matbuot anjumanida Putin bilan "juda tez orada" gaplashishini va agar Rossiya rahbari muzokaraga kelmasa, qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llashi ehtimoli yuqoriligini aytdi.
Ammo keyingi kun o‘zining "Truth Social" tarmog‘idagi postida u yanada ilgari bordi: "Men iqtisodiyoti inqirozga uchragan Rossiyaga va prezident Putinga juda katta ILTIFOT qilmoqchiman," deb yozdi u.
"Hoziroq tinchlik o‘rnating va bu bema’ni urushni to‘xtating! VAZIYAT FAQAT YOMONLASHIB BORMOQDA. Agar biz tez orada kelishuvga erishmasak, menda Rossiya tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlariga va boshqa ishtirokchi mamlakatlarga sotiladigan har qanday narsaga yuqori darajadagi soliqlar, bojxona tariflari va sanksiyalar qo‘yishdan boshqa chora qolmaydi."
U so‘zida davom etib yozdi: "Keling, men prezident bo‘lganimda hech qachon boshlanmagan bu urushni tugataylik! Biz buni oson yo‘l bilan ham, qiyin yo‘l bilan ham amalga oshirishimiz mumkin, va oson yo‘l har doim afzalroqdir. KELISHUV TUZISh vaqti keldi."