Bugun 14 sentyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Tramp oraliq saylovlar yaqinlashayotganda Respublikachilarning “islomofobik ritorika” to‘lqiniga boshchilik qilmoqda — The Guardian

Tramp oraliq saylovlar yaqinlashayotganda Respublikachilarning “islomofobik ritorika” to‘lqiniga boshchilik qilmoqda — The Guardian

Qo‘shma Shtatlarda noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Kongress uchun oraliq saylovlar yaqinlashar ekan, ayniqsa Respublikachilar partiyasi vakillari tomonidan musulmon siyosatchilarga qarshi islomofobik bayonotlar kuchaymoqda.

Qayd etilishicha, bu jarayon Michigan shtatidan Senat uchun saylovda Demokratlar partiyaci a’zosi Abdul Al-Sayid g‘alaba qozonganidan keyin yanada avj olgan. Xususan, Respublikachi senator Tommi Tubervill Vashingtonga “terroristni” yuborishga ovoz berilganini aytgan va Al-Sayidni “radikal islomchi” deb atagan.

Hattoki, AQSh prezidenti Donald Tramp ham Al-Sayidni “jihodchi” deb atagan va “jihodchilar” mamlakat bo‘ylab davlat lavozimlariga saylanayotganini aytgan. Vise-prezident Jey Di Vens esa uni “juda-juda yovuz inson” deb atagan.

Respublikachi senator Ted Kruz Al-Sayid va Mamdanini “islomchilar” deb atab, ular shariat qonunlarini istashini aytgan. Kongress a’zosi Nensi Meys esa Qo‘shma Shtatlarda davlat lavozimidagi har bir musulmonni milliy xavfsizlik va mamlakat uchun tahdid deb atagan. Florida shtatidan respublikachi kongressmen Rendi Fayn “ko‘proq islomofobiya kerak” degan bo‘lsa, Tennessi vakili Endi Ogls “musulmonlar Amerika jamiyatiga tegishli emas” deb yozgan.

Ekspertlar buni 2001 yil 11 sentyabr teraktlaridan keyingi davrdan buyon Qo‘shma Shtatlarda saylovlar oldidan kuzatilgan musulmonlarga qarshi eng kuchli to‘lqin sifatida baholamoqda. AQShda musulmonlarga qarshi kayfiyatni o‘rganuvchi Institute for Social Policy and Understanding (ISPU) tadqiqotchisi Saher Selod 2025–2026 yillardagi islomofobik kayfiyatdagi hujumlar 11 sentyabrdan keyingi davrdagidan ham kuchli ekanini aytgan.

ISPU ma’lumotlariga ko‘ra, musulmonlarga qarshi stereotiplar asosida tuziladigan Islomofobiya indeksi 2022 yildagi 25 balldan 2025 yilda 33 ballga ko‘tarilgan. Pew Research Center so‘roviga ko‘ra esa, hozirda Qo‘shma Shtatlarda katta yoshdagilarning 51 foizi “islom boshqa dinlarga qaraganda zo‘ravonlikni rag‘batlantirishi ehtimoli yuqori” deb hisoblaydi.

"Ayni paytda musulmon amerikaliklarning siyosiy yutuqlari ham kuchaymoqda. Hozir AQSh Kongressida 4 nafar musulmon kongressmen bor, yana bir nomzod saylanishi kutilmoqda. G‘azala Hoshimiy Virjiniya shtati tarixida kongressmen etib saylangan birinchi musulmon ayol bo‘ldi, Zohran Mamdani esa 2025 yil yanvarda Nyu-Yorkning birinchi musulmon meriga aylandi", deb yozadi The Guardian.

Kiritildi: 19:08 13.09.2026. O'qildi: 838 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!