Hujum Kiyev — Varshava yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezdga qilingan. Hodisa Volin viloyatida, Polsha chegarasidan atigi ikki kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan.
«Ukrzaliznisya» ma’lumotiga ko‘ra, zarba lokomotivga tekkan. Yo‘lovchilar evakuasiya qilingan, jabrlanganlar yo‘q.
Ushbu hujum Rossiya tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli zarbalarning bir qismi bo‘lgan. Ukraina Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Moskva bir kecha davomida turli xil 453 ta dron, shuningdek, bir nechta qanotli raketalarni qo‘llagan.
Eng kuchli hujumlar Ukrainaning g‘arbiy hududlariga qaratilgan. Zarbalari Yagodin — Dorogusk muhim chegara o‘tish punkti yaqiniga ham tushgan. Ushbu punkt orqali Ukrainani Yevropa Ittifoqi bilan bog‘laydigan muhim savdo va logistika yo‘nalishlari o‘tadi.
Polsha chegarasiga yaqin hududda hujum sodir bo‘lgani sababli Polshada ham havo hujumi xavfi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Polsha Xavfsizlik markazi Ukraina chegarasiga yaqin joylashgan bir nechta hudud aholisini xavfdan ogohlantirdi.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibigaga ko‘ra, bu hujumlar bilan Rossiya «Evropa Ittifoqi va NATO eshiklarini qoqmoqda». U sodir bo‘layotgan voqealarni «Putin terrori» deb atadi.
Sibiga G‘arb davlatlarini Moskvaga nisbatan yanada qat’iy pozisiya egallashga chaqirdi. U Rossiyaga nisbatan to‘liq savdo embargosi joriy etish, keng ko‘lamli kirish taqiqlarini o‘rnatish va Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga nisbatan keng qamrovli sanksiyalar qo‘llashni taklif qildi.