Rossiya bilan ittifoq tuzilishidan oldin Shimoliy Koreya infratuzilmasi samarasiz boshqaruv va xalqaro sanksiyalar tufayli e’tiborsiz holga kelib qolgan edi. Vashingtondagi Stimson markazining Koreya dasturi katta ilmiy xodimi Martin Uilyams DWga bergan intervyusida aytishicha, Rossiya va Xitoy bilan savdo qayta tiklanganidan so‘ng bu vaziyat «o‘lik nuqtadan siljidi».
«Mamlakat bo‘ylab zavodlar va shifoxonalar qurish bo‘yicha bir nechta yirik dastur amalga oshirilmoqda. Kim Chen In Pxenyanda butunlay yangi hududlarni rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bundan tashqari, qishloq joylarda uy-joy qurish loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, o‘n minglab uylar barpo etilishi rejalashtirilgan», — dedi Uilyams.
Janubiy Koreya razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan so‘nggi uch yil ichida Moskvadan 14 milliard dollargacha mablag‘ olgan. Bu mablag‘lar, jumladan, qurol-yarog‘ yetkazib berish va KXDR harbiylarining Kursk viloyatidagi janglarda ishtirok etishi evaziga berilgan.
Bu summa Shimoliy Koreya yalpi ichki mahsulotining yarmidan ko‘pini tashkil etadi. 2024 yilda KXDRning YAIM hajmi 26,6 milliard dollar bo‘lgan.
Ayni paytda kutilmaganda kelib tushgan daromadlarning tobora katta qismi KXDRning harbiy salohiyatini kuchaytirishga yo‘naltirilmoqda.
9 sentyabr kuni Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Yonbyonda yangi yadroviy ob’ekt aniqlanganini ma’lum qildi.
MAGATE baholariga ko‘ra, ushbu ob’ekt Pxenyanga har yili 85 kilogramm qurol-yarog‘ tayyorlash uchun mo‘ljallangan yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu esa to‘rtta yadroviy kallak tayyorlash uchun yetarli miqdor hisoblanadi.