Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Litva AQSh yadro qurolini o‘z hududiga joylashtirsa, «dunyo xaritasidan yo‘qolishi» mumkinligini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, agar Rossiya Litvaga hujum qilsa, NATO davlatlari alyansning jamoaviy mudofaani nazarda tutuvchi 5-moddasini amalga oshirishga tayyor bo‘lmasligi mumkin. Medvedev bunday holatda Litvani himoya qilish uchun boshqa davlatlar urushga kirishmasligini bildirdi.
Litva Mudofaa vazirligi iyun oyida AQSh bilan mamlakat hududiga yadro qurolini joylashtirish ehtimoli bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi. OAV xabarlariga ko‘ra, gap yadro qurolini olib yurish imkoniyatiga ega bo‘lgan AQSh bombardimonchi samolyotlari haqida ketmoqda.
Litva Konstitusiyasida mamlakat hududiga ommaviy qirgin qurollari va xorijiy harbiy bazalarni joylashtirish taqiqlangan. Biroq Litva parlamenti ushbu taqiqni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu harakatni «eskalasiya va keskinlik nuqtai nazaridan juda jiddiy burilish» deb atadi. Uning aytishicha, agar Litva hududida Rossiyaga qarshi yo‘naltirilgan yadro quroli joylashtirilsa, Litva ham Rossiya yadro qurollarining nishonlari qatoriga kirishi mumkin.
Shu bilan birga, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya Yevropa davlatlariga tahdid qilmayotgani va bunday niyatga ega emasligini bildirdi.
«Biz Yevropa davlatlariga tahdid qilmayapmiz va tahdid qilish niyatimiz ham yo‘q», — dedi Putin.
Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning Yevropa bilan mojaro qilish uchun asosi yo‘q. Putin, shuningdek, Ukrainaga Yevropa davlatlarining harbiy kontingenti joylashtirilishi Rossiya tomonidan «Rossiya bilan urush» sifatida baholanishini aytdi.
Ayni paytda, Rossiya harbiylari Odessa va uning yaqinidagi Chernomorsk shahriga raketali hujum uyushtirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki shaharda jami 40 kishi jabrlangan, Odessadagi 25 qavatli turar joy binosi jiddiy zarar ko‘rgan.