O‘n kun ichida Rossiyadan O‘zbekistonga 96 415 nafar fuqaro qaytib keldi. Omaviy qaytish 25 avgustdan 5 sentyabrgacha bo‘lgan davrda qayd etilgan. Bu haqda Migrasiya agentligi xabar berdi.
Ularning 54 885 nafari Rossiyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekistonga qaytgan, yana 41 530 nafar fuqaro Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga kirib kelgan.
Iqtisodchilarning fikricha, o‘zbekistonliklarning Rossiyadan qaytishiga ish haqining pastligi, beqaror vaziyat va xavfsizlikka tahdidlar sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolarining Rossiyada ishlashga bo‘lgan qiziqishi so‘nggi vaqtlarda sezilarli darajada pasaygan.
Rossiya hukumati huzuridagi Moliya universiteti professori va migrasiya bo‘yicha ekspert Aleksandr Safonovning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo fuqarolari mehnat migrasiyasi uchun tobora ko‘proq Xitoy, Janubiy Koreya, Yaqin Sharq mamlakatlari va Yevropa davlatlarini yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga bo‘lgan qiziqishning pasayishidagi asosiy sabablardan biri rubl kursining tushishi bo‘lgan. Bu esa Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan mehnat migrantlarining daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, Rossiyaning migrasiya siyosatidagi cheklovlarning kuchaytirilishi ham migrantlarning mamlakatda ishlashga bo‘lgan qiziqishini pasaytirgan.