AQSh prezidenti Donald Tramp noyabr oyida KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda u Ogayo shtatiga uchishidan oldin jurnalistlarning Shimoliy Koreya rahbari bilan yangi muzokaralar o‘tkazish ehtimoli haqidagi savoliga javob berar ekan, aytdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Kim Chen In bilan aloqada bo‘lib turibdi va ular o‘rtasidagi munosabatlarni ijobiy baholaydi.
«Uchrashishim mumkin, mumkin. Bu ajoyib bo‘lardi. U bilan munosabatlarimiz yaxshi», — dedi AQSh prezidenti.
Hozircha ehtimoliy uchrashuvning aniq sanasi va joyi ma’lum qilinmagan.
Oktyabr oyi boshida Tramp KXDR rahbari bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolish muhimligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, u Shimoliy Koreya yadroviy qurolga ega ekanini eslatgan.
Tramp o‘zining birinchi prezidentlik davrida Kim Chen In bilan uch marta uchrashgan. Birinchi uchrashuv 2018 yil iyun oyida Singapurda, ikkinchisi 2019 yil fevralda Xanoyda, uchinchisi esa shu yilning iyun oyida KXDR va Janubiy Koreya chegarasidagi demilitarizasiya qilingan hududda bo‘lib o‘tgan.