AQSh prezidenti Donald Tramp Meksikani narkokartellar boshqarayotganini aytdi.
Oq uy rahbari The Daily Caller nashriga bergan intervyusida o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.
"Men Meksika prezidenti Klaudiya Sheinbaumni yaxshi ko‘raman. Menimcha, u fantastik ayol. U qaysidir ma’noda chinakam ajoyib ayol, juda nafis va chiroyli. Lekin Meksikani kartellar boshqaradi. Uni kartellar boshqaradi", - dedi u.
"Men u yerga harbiylarni yuborishni taklif qildim, lekin u buni qilishimizni xohlamaydi. Chunki u qo‘rqadi. U juda qo‘rqadi", - deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq The New York Times o‘z manbalariga tayanib, Tramp Pentagonga Lotin Amerikasi narkokartellariga qarshi harbiy kuch qo‘llashni boshlash haqidagi ko‘rsatmani yashirincha imzolagani haqida xabar bergan edi. Ushbu ma’lumotni sharhlar ekan, Sheynbaum Meksika rasmiylari Amerika qo‘shinlarining o‘z hududida giyohvand kartellariga qarshi operasiyalar o‘tkazishiga ruxsat bermasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Meksikaga qo‘shin yubormaydi.