Rubio ma’lum qilishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Xalqaro jinoiy sudning amerikaliklarni jinoiy ta’qib qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Yangi cheklovlar sud bilan moliyaviy va boshqa operasiyalarni amalga oshirishni taqiqlashni, shuningdek, uning faoliyati uchun zarur resurslardan foydalanish imkoniyatini cheklashni ko‘zda tutadi.
AQSh Moliya vazirligi sud faoliyatini ta’minlash yoki uning ishini to‘xtatish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy operasiyalarga 2027 yil 7 aprelgacha ruxsat berdi. Davlat departamenti esa Rim statuti ishtirokchisi bo‘lgan mamlakatlarga Vashington bilan sud faoliyati borasidagi kelishmovchiliklarni hal qilishda siljishga erishish uchun 180 kun muhlat ajratdi.
Xalqaro jinoiy sud AQShning ushbu qarorini keskin qoralab, uni «qonun ustuvorligi va xalqaro huquqiy tartib asoslariga tajovuz» deb atadi.
Iyul oyi o‘rtasida Marko Rubio globalizmga qarshi diplomatik kampaniya boshlanganini e’lon qilgan edi. Uning aytishicha, ushbu tashabbus doirasida Xalqaro jinoiy sud faoliyatini bosqichma-bosqich tugatish ham ko‘zda tutilgan. Rubio sudni suveren davlatlar uchun tahdid deb atab, uning rahbariyatini AQSh Konstitusiyasi va milliy sud tizimidan ustun turishga urinishda ayblagan.
Xalqaro jinoiy sud yurisdiksiyasini dunyo aholisining yarmidan ko‘pini tashkil etuvchi mamlakatlar tan olmaydi. Ular qatorida Rossiya ham bor. Kreml avvalroq sudning qarorlarini Rossiya nuqtai nazaridan huquqiy kuchga ega emas deb hisoblashini bildirgan.
2023 yil mart oyida Xalqaro jinoiy sudning dastlabki tergov palatasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovalarni hibsga olish uchun order bergan edi. Sud ularga ukrainalik bolalarni Ukraina hududidan Rossiyaga noqonuniy olib chiqish bilan bog‘liq ayblovlarni qo‘ygan. Rossiya rasmiylari esa bolalarni Ukraina hududidagi o‘quv va harbiy harakatlardan himoya qilish maqsadida olib chiqilganini bildirgan.