Reuters agentligining hujjatlar va manbalar bilan o‘tkazilgan suhbatlarga tayanib ma’lum qilishicha, urush boshlanganidan beri AQSh Ukrainadagi harbiy jinoyatlarni tergov qilish uchun 283 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgan. Biroq Tramp ma’muriyati bu mablag‘larni “o‘nlab million” dollarga qisqartirdi, natijada ko‘plab dasturlarni moliyalashtirish to‘xtatildi yoki uzaytirilmadi.
Gap moliyalashtirishning kamida 40 foizini tashkil etgan dasturlar haqida bormoqda. Donald Tramp ma’muriyati tomonidan faqat bitta yangi dastur e’lon qilindi: 2026 yil mart oyida bolalarni Ukrainaga qaytarish uchun 25 million dollar ajratildi. Shu bilan birga, boshqa shunga o‘xshash dasturlar, masalan, Yel universiteti loyihasi moliyalashtirishdan mahrum bo‘ldi.
Agentlikning yozishicha, moliyalashtirish to‘xtatilgani sababli 2014 yildan beri harbiy jinoyatlar haqida ma’lumot to‘plab kelayotgan Truth Hounds tashkiloti o‘z xodimlarini qisqartirdi, arxiv loyihasini vaqtincha to‘xtatdi hamda sudyalar va prokurorlarni xalqaro huquq sohasida o‘qitishni keyinga qoldirdi.
Reuters'ga ma’lumot bergan manbalarning aytishicha, jang maydonidan dalillarni to‘plash va tahlil qilishga yordam bergan o‘nlab xalqaro ekspertlar endi mahalliy prokurorlarga yordam berish uchun Ukrainaga bora olmaydi.