AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina kelishuvi bo‘yicha hujjatlar imzolanishi mumkin bo‘lgan qonuniy shaxs emasligi haqidagi so‘zlariga keskin munosabat bildirdi.
Oq uyda AQSh ma’muriyatining vazirlar mahkamasi yig‘ilishida jurnalistlar AQSh yetakchisining maxsus vakili Stiv Uitkoffdan Lavrovning bayonotiga izoh berishni so‘rashgan. Uitkoff o‘rniga Trampning o‘zi savolga javob berdi.
"Stiv javob berishi mumkin edi, lekin men ham javob bera olaman. Ular nima deyishlari muhim emas. Hammasi bema’nilik", - dedi u.
Amerikaning NBC telekanaliga bergan intervyusida Lavrov Rossiya Zelenskiyni Ukrainaning qonuniy prezidenti deb hisoblamasligini aytib, uni "de-fakto rejim rahbari" deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Zelenskiy 2019 yilda Ukraina prezidenti etib saylangan va u o‘sha yilning 20 may kuni lavozimiga kirishgan. Davlat rahbari besh yillik muddatga saylanadi, saylovlar 2024 yilning mart oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatda harbiy holat davrida, xususan, prezidentlik saylovlarini o‘tkazish taqiqlanadi.
2022 yilning 24 fevralidan boshlab mamlakatda harbiy holat amal qiladi, Rada har uch oyda bir marta uzaytiradi.