Donald Tramp import bojlari orqali daromadlardan AQSh fuqarolariga 2000 dollardan ajratishga va’da berdi. Bu haqda The Insider xabar berdi.
Qo‘shma Shtatlar prezidentining so‘zlariga ko‘ra, yuqori daromadli shaxslardan tashqari barcha amerikaliklar joriy etilgan import bojlari orqali yig‘ilgan mablag‘lardan 2000 dollardan oladi.
"Bojlarga qarshi chiqqanlar — ahmoqlar! Endi biz dunyodagi eng boy va eng hurmatga sazovor davlatmiz! Deyarli nol foizli inflyasiya va rekord darajadagi fond bozori qiymatiga egamiz. Biz trillionlab dollar ishlab topyapmiz va tez orada 37 trillion dollarlik ulkan qarzimizni to‘lashni boshlaymiz", — dedi Tramp.
AQSh Bojxona va chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 23 sentyabr holatiga federal hukumat import bojlari hisobidan deyarli 90 milliard dollar daromad olgan.
"Tramp ma’muriyati “bojlarni xorijiy yetkazib beruvchilar to‘laydi”, deb da’vo qilayotganiga qaramay, aslida bu xarajatlarning katta qismi AQSh importyorlari zimmasiga tushmoqda", deya yozmoqda The Insider.