BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bu vaziyatni keskin qoraladi. Uning ta’kidlashicha, G‘azoda jurnalistlar o‘limi darajasi “juda yuqori” bo‘lib, har bir holat yuzasidan mustaqil va xolis tergov o‘tkazilishi zarur. Shuningdek, G‘azo hududiga xalqaro jurnalistlarning kirishiga qo‘yilgan taqiq “qabul qilib bo‘lmaydigan holat” sifatida baholandi.
YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, zo‘ravonlik faqat urush hududlarida emas, balki tinch davlatlarda ham kuzatilmoqda. Xususan, Meksika xavfli hududlardan biri sifatida qayd etilgan — bu yerda 15 nafar ommaviy axborot vositalari xodimi halok bo‘lgan. Ayrim tinch mintaqalarda jurnalistlarga tahdid darajasi hatto mojaroli hududlardagidan ham yuqori ekani ta’kidlangan.
Mintaqalar bo‘yicha jurnalistlarga qarshi eng ko‘p zo‘ravonlik holatlari Arab davlatlarida (82 holat), Lotin Amerikasi va Karib havzasida (34 holat), Osiyo–Tinch okeani mintaqasida (30 holat), Yevropa va Shimoliy Amerikada (12 holat) hamda Afrikada (5 holat) qayd etilgan.
BMT Bosh kotibi o‘z bayonotida: “Jurnalistlar sukut saqlashga majbur qilinganda, butun jamiyat o‘z ovozini yo‘qotadi”, — deya ta’kidlagan. U xalqaro hamjamiyatni jurnalistlarni himoya qilish va ularga qarshi jinoyatlarni jazolash choralarini kuchaytirishga chaqirgan.