Oq uy Eronga qarshi keng ko‘lamli havo hujumlari va Hormuz bo‘g‘ozidagi ob’ektlarga zarba berish variantlarini muhokama qilmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp maslahatchilari bilan bir necha kunlik muhokamalardan so‘ng Eronga qarshi harbiy operasiyani kengaytirishga moyil ekani aytilmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal amerikalik rasmiylarga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy bir qator ssenariylarni ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida Eronga qarshi keng ko‘lamli havo hujumlari, Hormuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Xark oroli va boshqa hududlarni egallash, shuningdek, AQSh razvedkasi maxfiy yadroviy dastur bilan bog‘liq deb hisoblayotgan Pikaks tog‘idagi yerosti tunnellar majmuasiga zarba berish rejalari ham bor.
WSJ manbalarining ta’kidlashicha, Tramp hozircha quruqlikdagi harbiy operasiyani ma’qullashga tayyor emas. Biroq u Tehronni Hormuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga hujumlarni to‘xtatishga majbur qilishi mumkin bo‘lgan yangi keskinlashuv ssenariylarini tayyorlash bo‘yicha topshiriq bergan.