AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron bilan yangi taklif ilgari surdi. CNN manbalariga ko‘ra, bu taklif Eronning uranni boyitishdan to‘liq voz kechishi evaziga 30 milliard dollarlik yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Ushbu yordam Eronning tinch atom dasturini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Loyihani moliyalashtirishi kerak bo‘lgan davlatlar — Fors ko‘rfazi mamlakatlari bo‘lib, qaysi davlatlar ekani aniq ko‘rsatilmagan. Rejaga ko‘ra, Eron agar bitim shartlarini qabul qilsa, ilgari muzlatilgan 6 milliard dollarlik aktivlari ham yechib beriladi.
❕ Taklifda yana bir band — yaqinda AQSh tomonidan urib tushirilgan Fordodagi yadroviy majmua o‘rniga yangi yadroviy ob’ekt qurilishi. Yangi ob’ekt uranni boyitish infratuzilmasidan xoli bo‘ladi.
Tramp ilgari AQSh hujumlari Eronning yadroviy dasturini "yo‘q qilganini" aytgan bo‘lsa-da, OAVdagi ko‘plab sizdirilgan ma’lumotlar bu da’volarning jiddiyligiga shubha uyg‘otmoqda. Jumladan, ayrim manbalarga ko‘ra, boyitilgan uranning bir qismi hujumdan oldin boshqa joyga ko‘chirilgan bo‘lishi mumkin.