Bugun 24 oktyabr, 2025 yil, juma

КИР

Tramp arab davlatlariga Isroilga yoqmaydigan va’da berdi

Tramp arab davlatlariga Isroilga yoqmaydigan va’da berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Iordan daryocining G‘arbiy Sohili Isroilga qo‘shib olinishiga qarshi ekanini bildirdi. Siyosatchi “The Time” jurnaliga bergan intervyusida Isroil tomonidan G‘arbiy Sohil anneksiya qilinishi mumkin emasligi, chunki bu borada arab davlatlari yetakchilariga so‘z berganini ta’kidlagan.

“Bunday bo‘lmaydi, chunki men arab mamlakatlariga va’da berdim. Hozir bunday qilish mumkin emas. Arablar bizga katta ko‘mak berishdi. Bu ro‘y bermaydi. Agar ro‘y bersa, Isroil Qo‘shma Shtatlar tomonidan barcha ko‘makdan mahrum etiladi”, – degan AQSh rahbari.

Tramp ushbu bayonotni joriy yil 15 oktyabr kuni bergan, ammo intervyuning jurnalda chop etilishi Isroil parlamentida (Knesset) G‘arbiy Sohilga oid qonun loyihasi qabul qilinish sanasiga to‘g‘ri keldi.

22 oktyabr kuni Knesset G‘arbiy Sohildagi manzilgohlarga Isroil suverenitetini tatbiq etish, ya’ni hududni rasman qo‘shib olishga doir qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Hujjat loyihasi uzil-kesil qabul qilinishi uchun yana uchta ovoz berish jarayonlaridan o‘tishi kerak.

So‘nggi kunlarda Isroilda mehmon bo‘lgan AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens ham ushbu hujjatni tanqid qildi.

“Menga buni (qonun loyihasi qabul qilinishi nazarda tutilmoqda – tahr.) siyosiy tryuk, ramziy qadam deb tushuntirishdi. Ammo bu ahmoqona siyosiy tryuk bo‘lganini aytishim kerak. Shaxsan men buni haqorat deb qabul qildim”, – degan Vens Isroilni tark etish arafasi Ben-Gurion aeroportida qilgan chiqishida.

Davlat kotibi Marko Rubio ham G‘arbiy Sohilning anneksiya qilinishi Trampning G‘azo sektorida urushni to‘xtatish rejasini xavf ostida qoldirishidan ogohlantirgan.

Ma’lumot o‘rnida: Isroil parlamenti joriy yil iyul oyida ham Iordan daryosining G‘arbiy Sohili “yahudiy xalqi tarixiy vatanining ajralmas qismi” ekani iddao qilgan holda, hududni qo‘shib olish haqida hujjat qabul qilgan edi. Bu harakat xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.

Isroil 1967 yilda bosib olingan G‘arbiy Sohilda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi. Hozirga qadar bu yerda 160 ta yahudiy manzilgohi qurilgan va 700 ming nafar yahudiy aholisi joylashtirilgan.

Tel-Aviv hukumati xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, G‘arbiy Sohilda noqonuniy manzilgohlarni ko‘paytirishga harakat qilmoqda.

Isroildagi Peace Now inson huquqlar tashkiloti Binyamin Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali G‘arbiy Sohilni butunlay ishg‘ol etish ko‘zlanganidan ogohlantirgan.

Netanyahuning o‘zi ham bir necha yildan buyon anneksiya rejasini ochiq muhokama qilib keladi.

BMT ko‘p yillardan buyon Tel-Avivning okkupasiya siyosatini qoralab keladi. Xususan, BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyusiyasida Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida g‘ayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul to‘xtatish talab qilingan.

Kuni kecha jahonning turli davlatlarida yashovchi 460 ga yaqin yahudiy namoyandalari – ilm-fan, madaniyat va siyosat arboblari tomonidan tarqatilgan bayonotda ham Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida (G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddus) aparteid va genosid siyosatini to‘xatish talab qilingan edi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Trampning G‘arbiy Sohil bo‘yicha bayonoti uning aksilisroil pozisiyasiga o‘tganini anglatmaydi. Tramp Isroilni shartlarsiz qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. U birinchi prezidentlik davrida, 2017 yilning dekabrida Quddus shahrini yaxlit holda Isroil poytaxti deb tan olgan edi. Holbuki, BMT hujjatlariga ko‘ra, Sharqiy Quddus Falastin davlatining poytaxti bo‘lishi belgilangan. Quddusning Tramp tomonidan yaxlit poytaxt deb tan olinishi Vashingtonning asosiy ittifoqchilari – Yevropa davlatlari tomonidan ham qoralangandi.

Kiritildi: Bugun 12:22. O'qildi: 1287 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!