AQSh prezidenti Donald Tramp 22 may kuni Eron bilan ziddiyat yuzasidan keyingi qadamlarni muhokama qilish uchun mamlakat milliy xavfsizligi masalalariga mas’ul yuqori martabali mansabdor shaxslar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda CNN telekanali.
CNN manbalariga ko‘ra, mazkur yig‘ilish urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishga qaratilgan uzoq muddatli diplomatik sa’y-harakatlar fonida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish keyingi harakatlar bo‘yicha biror qaror qabul qilinmagan holda yakunlangan.
Qayd etilishicha, muzokaralardan hafsalasi pir bo‘lgan Trampga harbiy harakatlarni qayta boshlash variantlari taklif qilingan. U shu hafta boshida hujum boshlash haqida buyruq berishiga bir baxya qolganini, biroq Fors ko‘rfazi davlatlarining iltimosiga ko‘ra o‘zini tiyib turganini ma’lum qilgan.
Tramp dam olish kunlari Nyu-Jersidagi golf kurortiga safarini bekor qilgan va Bagama orollarida bo‘lib o‘tadigan o‘g‘lining to‘yiga bormasligini bildirgan. Buning o‘rniga “hukumat bilan bog‘liq holatlar va Amerika Qo‘shma Shtatlariga bo‘lgan muhabbati” sababli Vashingtonda qolishga qaror qilgani ma’lum qilgan.
CNN'ning qayd etishicha, Trampning bundan keyin qanday yo‘l tutishi hozircha noma’lum. U shu hafta boshida Eronga urushni to‘xtatish bo‘yicha maqbul taklifni taqdim etishi uchun kelasi hafta boshigacha muhlat bergan edi. Ayrim rasmiylar muzokaralar davom etishiga umid bildirmoqda, biroq ikki davlat o‘rtasidagi bahsli masalalar qanday hal etilishi hozircha aniq emas.