«Bu “saylovlar” adolatli o‘tganiga haqiqatan ham kimdir ishonadimi?» — deb yozdi Tramp ovoz berishdan qariyb bir hafta o‘tib, Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Prezident sosiologlar prognozlari bilan saylov natijalari o‘rtasidagi katta tafovutni shubhali deb atadi. Shuningdek, ovoz berish mashinalari orqali natijalarga aralashilgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi. Biroq u o‘z da’volarini tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirmadi.
Saylovlardan ko‘p o‘tmay, Tramp respublikachilar mag‘lubiyatini tan olgan, demokratlarni g‘alaba bilan tabriklagan va Kongressda ular bilan hamkorlik qilish ehtimolini bildirgan edi. Keyinchalik esa prezident demokratlarning g‘alaba ko‘lamini shubha ostiga qo‘yuvchi xabarlarni tarqata boshladi.
Tramp avval ham AQSh saylov tizimini, ayniqsa, pochta orqali ovoz berish jarayonini keng ko‘lamli soxtalashtirishlarda bir necha bor ayblagan.
Shuningdek, u 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganini da’vo qilishda davom etmoqda. Biroq o‘sha saylov natijalarini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan ommaviy qoidabuzarliklar haqida hozirgacha ishonchli dalillar taqdim etilmagan.