AQSh prezidenti Donald Tramp Isroilga har yili ajratiladigan qariyb 4 milliard dollarlik yordam 2026 yil oxirida to‘xtatilishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Isroil endi o‘z mudofaa ehtiyojlarini mustaqil moliyalashtira oladi.
3 noyabr kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida Tramp bu masala Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan bir necha yildan beri muhokama qilinayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy ko‘makdan voz kechish tashabbusini Netanyahuning o‘zi ilgari surgan.
"Biz Isroilga 4 milliard dollar beryapmiz. Biroq yil oxirida bu to‘lovlar to‘xtaydi. Agar ularga yordam kerak bo‘lsa, albatta yordam beramiz", — dedi AQSh rahbari.
Tramp moliyaviy ko‘mak to‘xtatilishi ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik tugashini anglatmasligini ta’kidladi. Isroil AQShdan qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar sotib olishda davom etishi mumkin.
Ayni paytda Vashington va Tel-Aviv o‘rtasidagi amaldagi kelishuv 2028 yilgacha har yili 3,8 milliard dollarlik harbiy yordam ajratishni nazarda tutadi. Umumiy qiymati 38 milliard dollar bo‘lgan mazkur bitim 2019 yildan amal qilmoqda.
Shu sababli Tramp e’lon qilgan qarorning amalda qanday bajarilishi hozircha noma’lum. Yordam tartibini o‘zgartirishda AQSh Kongressining ishtiroki ham talab qilinishi mumkin.