AQSh prezidenti Donald Tramp respublikachi qonunchilarga bugundanoq bir qator davlatlar uchun ko‘zgu tariflarini e’lon qilishni rejalashtirayotganini aytdi.
Bu haqda Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Tramp shu tariqa Amerika importiga savdo hamkorlari Amerika eksportiga qo‘llaydigan stavkalarga teng tariflar joriy etish haqidagi saylovoldi va’dalarini bajarish niyatida.
Aynan qaysi davlatlar muhokama qilinayotgani hozircha aniq emas. Oq uy bu ma’lumotga izoh bermadi.
Xabar qilinishicha, Tramp payshanba kuni Oq uyda byudjet muhokamasi chog‘ida respublikachilarga rejalari haqida gapirib bergan.
Tramp shanba kuni Kanada va Meksikaga 25 foizlik bojlar joriy etishini e’lon qildi, biroq investorlarning noroziligidan keyin ularni kechiktirdi.