Tramp Eron hududidagi yana bir nechta ob’ekt, jumladan, ehtimoliy yerosti yadroviy majmuasi bilan bog‘liq masalani hal etish kerakligini aytdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Eron hududidagi yana bir nechta ob’ekt, jumladan, ehtimoliy yerosti yadroviy majmuasi bilan bog‘liq masalani hal etishi kerakligini ma’lum qildi.
Amerika yetakchisi bu haqda Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida jurnalistlarga aytgan.
«Biz ularning deyarli barcha qurol-yarog‘larini yo‘q qildik. Ko‘plab ishlab chiqarish quvvatlarini ishdan chiqardik. Ularning yadroviy salohiyatini yo‘q qildik. Hali bir yoki ikkita ob’ekt bilan bog‘liq masalani hal qilishimiz kerak, ammo buni 10 daqiqa ichida amalga oshirishimiz mumkin», — dedi Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi zarbalar berilishi mumkin bo‘lgan ob’ektlardan biri Kolang-Gaz-La tog‘i ostida joylashgan bo‘lishi taxmin qilinayotgan yerosti yadroviy majmuasidir. AQShda bu tog‘ Pikeks-Mauntin (Pickaxe Mountain) nomi bilan ma’lum.
«Ehtimol, Pikeks-Mauntinga e’tibor qaratib, bu masalani hal qilishimiz kerakdir. Buni juda tez amalga oshirishimiz mumkin», — deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.