AQShda mamlakat mustaqilligining 250 yilligini nishonlash tadbirlari milliy birlik ramzi bo‘lishi kerak edi. Biroq, BBC tahlilchisi Entoni Zurker fikricha, bu bayram tobora siyosiy qarama-qarshilik maydoniga aylanmoqda.
Prezident Donald Tramp yubiley munosabati bilan o‘tkaziladigan bir qator tadbirlarda markaziy o‘rinni egallashga harakat qilmoqda. U Vashingtonda rejalashtirilgan 16 kunlik «Buyuk Amerika davlat yarmarkasi» doirasida o‘zi ishtirok etadigan yirik miting o‘tkazish g‘oyasini ham qo‘llab-quvvatlagan.
Ayrim mashhur musiqachilar yubiley tadbirlarida qatnashishdan bosh tortganidan so‘ng, Tramp ularning ishtiroki shart emasligini bildirib, «menga ortiqcha haq oladigan va hamma narsadan norozi san’atkorlar kerak emas», deya bayonot bergan.
Tramp 2025 yilda Oq uyga qaytganidan buyon o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati bir qator yirik tarixiy voqealar — jumladan, futbol bo‘yicha jahon chempionati, 2028 yilgi Olimpiada va Amerika mustaqilligining 250 yilligi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelayotganini tez-tez ta’kidlab kelmoqda.
Tahlilchilar fikricha, prezident ushbu bayramni milliy ahamiyatga ega tadbirdan ko‘ra ko‘proq o‘zining siyosiy imiji va harakatini namoyon qilish imkoniyati sifatida ko‘rmoqda. Shu bois, mamlakat yubileyini nishonlash jarayoni ham AQShdagi siyosiy bahslarning yana bir qismiga aylanib bormoqda.