AQSh ma’muriyatining sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida mamlakatda data-markazlar qurilishini tezlashtirish rejalari ko‘plab amerikaliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmayapti.
Bu haqda Bloomberg manbalar va jamoatchilik fikri so‘rovlariga tayanib xabar berdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, AQSh rasmiylari orasida sun’iy intellekt tarafdorlari ushbu texnologiya mamlakat iqtisodiyotining kelgusi taraqqiyoti uchun muhim deb hisoblaydi.
Biroq sun’iy intellektni yanada rivojlantirish yirik data-markazlar qurilishini talab qiladi. Bloomberg qayd etishicha, bunday ob’ektlarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji ortishi, elektr tarmoqlariga qo‘shimcha yuk tushishi va natijada energiya narxlari ko‘tarilishi ehtimoli amerikaliklar orasida xavotir uyg‘otmoqda.
Fox News telekanali iyul oyi oxirida e’lon qilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, har 10 nafar amerikalik saylovchidan 7 nafari o‘z yashash hududi yaqinida sun’iy intellekt uchun data-markaz qurilishini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan.
Agentlik ta’kidlashicha, AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning sun’iy intellekt sohasidagi yutuqlari haqida muntazam gapirib keladi va yangi data-markazlar barpo etilishini faol qo‘llab-quvvatlamoqda.