Toshkent shahrining bir qator hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilishlar kuzatildi. Mazkur holat metro poyezdlari harakati hamda bekatlardagi yoritish tizimlari faoliyatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bugun, 4 iyun kuni soat 12:41 da Toshkent issiqlik elektr stansiyasidagi transformatorda nosozlik yuz bergan. Buning oqibatida Mirobod, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur va Olmazor tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatilgan.
Soat 13:01 da ushbu nosozlik bartaraf etilib, 13:22 da barcha iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq qayta tiklangan.
Shahar elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan yuqori kuchlanishdagi uzilish sababli Toshkent metropolitenining «O‘zbekiston», «Chilonzor» hamda «Yunusobod» yo‘nalishlarida elektr ta’minotida ham qisqa muddatli uzilish kuzatilgan. Bu esa metro poyezdlari harakati hamda bekatlardagi yoritish tizimlari faoliyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.
Vaziyat metropoliten mutaxassislari tomonidan zudlik bilan nazoratga olinib, elektr ta’minoti to‘liq tiklangunga qadar harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida zaxira generatorlari ishga tushirilgan. Ushbu tizimlar yordamida metropoliten faoliyati uzluksiz nazorat qilinib, poyezdlar harakati xavfsizligi ta’minlangan.
«Hozirgi vaqtda elektr ta’minotida qisqa uzilishlar kuzatilmoqda, metro poyezdlari harakati mas’ul xodimlar tomonidan nazorat qilinmoqda. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilarimizdan uzr so‘raymiz», deyiladi Toshkent metropoliteni xabarida.