Bugun 10 sentyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Toshkentda transmilliy narkotarmoq fosh etildi: 14 kishi qo‘lga olindi

Toshkentda transmilliy narkotarmoq fosh etildi: 14 kishi qo‘lga olindi

Avtomashina saloniga yashirilgan yarim kilogramm «alfa-PVP»dan boshlangan tezkor tadbirlar natijasida O‘zbekistonda faoliyat yuritgan transmilliy jinoiy uyushmaning 14 nafar a’zosi qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Chilonzor, Yunusobod, Yangihayot, Bektemir va boshqa hududlarida oltita yo‘nalishda keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazgan.

Dastlabki tadbir davomida 2005 yilda tug‘ilgan, nufuzli oliy ta’lim muassasasining 3-bosqich talabasi qo‘lga olingan. U internet-narkodo‘konda «kladmen» sifatida ishlab kelgani aniqlangan.

U boshqaruvidagi «Onix» avtomashinasi Yangihayot tumanidagi postda to‘xtatilib tekshirilganda, salon qismiga yashirilgan 500 gramm «alfa-PVP» sintetik giyohvandlik vositasi topilib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Keyingi tezkor tadbirlarda jinoiy uyushmaning Namangan viloyatida faoliyat yuritgan a’zosi ham qo‘lga olingan. Tergov-tezkor harakatlari davomida qo‘lga olingan shaxslarning yagona narkotarmoqqa birlashgani aniqlangan.

Xalqaro hamkorlik natijasida esa uyushma yetakchilaridan biri xorijiy davlat hududida yashirinib yurgani aniqlanib, o‘sha davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan.

Tadbirlar yakuniga ko‘ra, jinoiy uyushmaning 7 nafar omborchisi va ular bilan ishlagan 6 nafar «dokladchik», shuningdek, uyushma yetakchilaridan biri qo‘lga olingan.

Jami 14 nafar turli darajadagi uyushma a’zosi qo‘lga olinib, ulardan 71 433 ta bir martalik dozaga teng 2 kilogramm 500 gramm «alfa-PVP» sintetik giyohvandlik vositasi musodara qilingan.

Mazkur holat yuzasidan barcha qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Kiritildi: 20:00 09.09.2026. O'qildi: 536 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!