Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida tarvuzdan zaharlanish holatlari ko‘payib borayotgani mazmunidagi xabarlar tarqalgan edi. Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi ushbu xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda poytaxt aholisi o‘rtasida tarvuzdan zaharlanish holatlari ketma-ket qayd etilayotgani bo‘yicha yuqumli kasalliklar shifoxonasidan tezkor xabarnomalar kelib tushmagan. Tarvuzdan zaharlanish holatlari ko‘payib ketyapti, degan xabarlar esa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
«Shuningdek, tekshiruvdan o‘tmagan holda yo‘l yoqalarida sotilayotgan poliz mahsulotlarini xarid qilmasligingiz, faqatgina ishonchli va ruxsat etilgan savdo nuqtalarida, to‘g‘ri sharoitda sotilayotgan mahsulotlarni iste’mol qilishingizni eslatib o‘tamiz», – deyiladi Qo‘mita munosabatida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 4 yoshli bolaning tarvuzdan zaharlanib vafot etgani haqida xabar berilgan edi.