Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Toshkentda qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan biri buziladi: u noqonuniymidi?

Toshkentda qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan biri buziladi: u noqonuniymidi?

Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida keng muhokamaga sabab bo‘layotgan Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi, 326-uy «B» «V» manzillaridagi qurilish yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Mazkur qurilmani qurish uchun javobgar tomonidan zarur bo‘lgan ruxsatnoma olingan, qurilmani qurishni amalga oshirish uchun loyiha hujjatlari tayyorlangan va tegishli tartibda bu loyiha ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ammo tayyorlangan loyihada shaharsozlik normasi va qoidalari buzilganligi, loyiha hujjatlaridan chetga chiqish holati mavjud ekanligini ma’lum qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 12 fevraldagi «Aholi punktlarini kompleks qurishda shaharsozlik normalari va qoidalari qat’iy bajarilishini nazorat qilishni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 41-sonli qaroriga asosan tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastr xizmati, mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari hamda tuman hokimligi qurilish bo‘limi xodimlari ishtirokida ushbu manzildagi qurilish ob’ekti yuqoridagi qurilish normalarini buzgan holda qurilganligi yuzasidan 2020 yil 12 mayda tegishli tartibda dalolatnoma tuzilgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 212-moddasiga ko‘ra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi. Shu o‘rinda o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs, unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.

O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman xokimligi tomonidan fuqarolar Yadgarova SH.B. va Yadgarova SH.G.lar holat yuzasidan imzo qo‘yishdan bosh tortganligi sababli tegishli tartibda dalolatnoma tuzilgan.

Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan fuqarolar Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi, 326-uy «B» «V» manzillaridagi qurilmani buzish va o‘z holatiga keltirishi haqida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan. 

"Shu o‘rinda ushbu qurilish ob’ekti atrofida istiqomat qilayotgan fuqarolarimizga sudning odilona qarorini kutishlarini so‘rab qolamiz", — deyiladi bayonotda.

 

Kiritildi: 14:44 02.06.2020. O'qildi: 6059 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!