Xitoy va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (Shimoliy Koreya) o‘rtasidagi Yaluszyan daryosida qurilgan yangi ko‘prikda transport harakati rasman ochildi. Ikki mamlakat vakillari transchegaraviy transport yo‘lining ochilish marosimini birgalikda o‘tkazdi, deb xabar beradi Sinxua axborot agentligi.
Yangi osma ko‘prik Xitoyning shimoli-sharqidagi Lyaonin viloyatining Dandun shahrini Shimoliy Koreyaning Pxyonan-Pukto viloyatida joylashgan Siniyju shahri bilan bog‘laydi.
Ikkita tayanch minorasi va ikki qator osma troslar bilan mustahkamlangan ko‘prikning qatnov qismi kengligi 28,5 metrni tashkil etadi. U ikki yo‘nalishda to‘rtta harakatlanish bo‘lagiga mo‘ljallangan. Ko‘prikning suv sathidan balandligi esa suv sig‘imi 3 000 tonnagacha bo‘lgan kemalarning uning ostida bemalol o‘tish imkonini beradi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mao Nin chorshanba kuni ko‘prikning ochilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Xitoy va Shimoliy Koreya — umumiy tog‘lar va daryolar bog‘lab turuvchi do‘stona qo‘shnilardir. Yaluszyan daryosi orqali o‘tuvchi yangi ko‘prik esa ikki mamlakat transport infratuzilmasini o‘zaro bog‘laydigan muhim inshoot hisoblanadi.
Dandun porti — Xitoyning Shimoliy Koreya bilan chegaradagi eng yirik savdo porti. Yangi avtomobil ko‘prigi qurilishidan oldin Yaluszyan daryosi orqali o‘tuvchi eski ko‘prikdan foydalanib kelingan. U Xitoy-KXDR do‘stlik ko‘prigi nomi bilan ham mashhur. Eski ko‘prik avtomobil va temir yo‘l qatnovi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bir yo‘nalishda faqat og‘irligi 20 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillarining harakatlanishiga ruxsat berilgan.
Mazkur cheklovlar tufayli Xitoy va Shimoliy Koreya 2010 yilda mavjud ko‘prikdan quyi oqimda yangi avtomobil ko‘prigini qurish to‘g‘risida kelishuvga erishgan.