Luvr direktori Kristof Leribo, agar bino ta’mirlanmasa, mashhur Parij muzeyi tashrif buyuruvchilar uchun eshiklarini yopishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, deb xabar beradi Anadolu.
Muzeyni kompleks ta’mirlash uchun "Luvrning yangi yuksalishi" deb nomlangan loyiha ishlab chiqildi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, uni amalga oshirish 15 yil davom etishi mumkin.
Hozirda Luvrda shoshilinch ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Qo‘shimcha videokuzatuv kameralari o‘rnatildi va bino atrofidagi to‘siqlarni mustahkamlash ishlari boshlandi. Leriboning so‘zlariga ko‘ra, muzey xavfsizligi eng muhim ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
2025 yildagi talonchilikdan keyin shikastlangan galereyadagi zargarlik buyumlari vaqtincha boshqa joyga ko‘chirildi. Yangi ko‘rgazma shkaflari o‘rnatilgandan so‘ng, eksponatlar qaytariladi. Kolleksiyadagi boshqa qimmatbaho buyumlar xavfsizroq joylarga ko‘chirildi.
Iqlim o‘zgarishi va kiberxavfsizlik tahdidlari ham rahbariyatni alohida tashvishga solmoqda. Leribo ta’kidlaganidek, Luvr infratuzilmasining holati juda xavotirli. Ta’mirlash ishlari eskalatorlar, shiftlar, yoritish va kondisioner tizimiga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Muzey nafaqat texnik muammolarga, balki tashrif buyuruvchilarning haddan tashqari oqimiga ham duch kelmoqda. Luvrning asosiy kirish qismi bo‘lib xizmat qiladigan shisha piramida endi yiliga 9 million tashrif buyuruvchini bemalol qabul qila olmaydi.
Keng ko‘lamli ta’mirlash ishlarini boshlash to‘g‘risidagi qaror 2027 yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin tashkil etiladigan Fransiya hukumati tomonidan qabul qilinadi. Leribo rasmiylarni ta’mirlash ishlarini kechiktirmaslikka chaqirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ta’mirlash va modernizasiya qilinmasa, Luvr muzeyi o‘z obro‘sini yo‘qotishi va oxir-oqibat jamoatchilikni qabul qilish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin.