Evropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Ukrainaning Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni davom ettirishini qo‘llab-quvvatladi.
U bu haqda Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi sammitida ma’lum qilgan.
Kallasning ta’kidlashicha, urush xarajatlarini moliyalashtirishda Rossiyaning neft eksportidan tushadigan daromadlari asosiy o‘rin tutadi. Shu bois u Kremlning neft daromadlarini cheklash urushni tugatishga xizmat qiladi, deb hisoblaydi.
«Rossiyaning urushni moliyalashtirish uchun sarflayotgan mablag‘lari katta qismi neft daromadlaridan keladi. Biz urushni to‘xtatish uchun Rossiyaga bosim o‘tkazishimiz kerak, Ukrainani taslim bo‘lishga majburlashimiz emas. Ukrainaga bosim o‘tkazish – noto‘g‘ri yondashuv», – dedi u.
Kallas, shuningdek, Ukrainaning Rossiya neft zavodlariga zarbalarini xalqaro huquq nuqtai nazaridan o‘zini himoya qilish chorasi deb hisoblashini bildirdi.