Uyiga ijtimoiy himoya xodimi tomonidan qamab qo‘yilgani aytilgan 86 yoshli onaxon videosi yuzasidan Bosh prokuratura ma’lumot berdi.
Bayonotga ko‘ra, holat bo‘yicha firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi ochilgan.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tuman hududida yashovchi yolg‘iz keksa ayolning qarovsiz qoldirilgani haqida video tarqalgan. Holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Aniqlanishicha, 1940 yilda tug‘ilgan fuqaro L.J. tumandagi xonadonda yolg‘iz istiqomat qilib kelgan hamda sog‘lig‘i bilan bog‘liq qator kasalliklari sababli dispanser hisobida turgan. Shu bilan birga, unga tegishli bo‘lgan xonadon 2025 yilning 25 sentyabr kuni notarial tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida boshqa shaxs nomiga o‘tkazib yuborilgani ma’lum bo‘lgan.
Hozirda ushbu bitim tuzilayotgan paytda onaxon o‘z harakatlarining mohiyatini anglagan-anglamagani hamda firibgarlik qurboni bo‘lgan-bo‘lmagani o‘rganilmoqda.
Avvalroq Ijtimoiy himoya milliy agentligi voqea nazoratga olinib, keksa ayolning holati va ehtiyojlari o‘rganilayotganini bildirgan edi.