AQShning Yaqin Sharqdagi bosh qo‘mondoni internetda tarqalgan videolar Eron uchun nishonlarni aniqlashda yordam berishi haqida ogohlantirdi. Reuters manbalariga ko‘ra, hududdagi ba’zi harbiylarning telefonlari olib qo‘yilishi mumkin.
Aloqa vositalariga cheklov qo‘yilishi harbiylar uchun yangi qiyinchilik tug‘diradi. Chunki ularning ko‘pchiligi oilasi bilan bog‘lanish uchun telefonlardan foydalanadi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari, admiral Bred Kuper 28 iyul kuni harbiylarga maktub yo‘lladi. Uning ta’kidlashicha, Eron matbuot va ijtimoiy tarmoqlardagi harbiylarning videolari orqali o‘z zarbalari oqibatini real vaqt rejimida ko‘rib turibdi.
“Ochiq manbalardagi ma’lumotlar amerikalik harbiylar va Ko‘rfaz davlatlaridagi tinch aholi hayotiga zomin bo‘lishi mumkin”, deb yozdi Kuper o‘z maktubida.
Bosh qo‘mondon harbiylarni operativ xavfsizlikka e’tiborni kuchaytirishga chaqirdi. Iordaniyadagi manbalarga ko‘ra, u yerdagi ba’zi harbiylarga yaqin kunlarda telefonlari olib qo‘yilishi aytilgan. Central Command vakili Timoti Hokins esa bu xabar harbiylarga xavfsizlik qoidalarini eslatish uchun yuborilganini bildirdi.