Toshkentda madaniy meros ob’ekti yonida noqonuniy qurilish to‘xtatildi, deb xabar bermoqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.
Keltirilishicha, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Yakkasaroy tumani Yusuf Xos Hojib ko‘chasi, 28-uy manzilida olib borilayotgan qurilish ishlarini to‘xtatdi. Da’vo arizasi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan Madaniy meros agentligi tomonidan O‘zbekiston amaliy san’at muzeyiga tahdid solayotgan qonunbuzarliklar sababli kiritildi.
Qayd etilishicha, muzey muhim madaniy meros ob’ekti va Toshkent modernizmining diqqatga molik namunasi hisoblanadi. Shu singari maskanlarni muhofaza qilish nafaqat tarixni, balki shaharning me’moriy qiyofasini saqlab qolish uchun ham muhim ekani ta’kidlandi.