Toshkent shahrida buyurtma asosida fuqarolarni o‘g‘irlashga uringan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xabar berdi.
Murojaatchi fuqaro arizasida noma’lum shaxslar uni avtomashinada olib qochgani, biroq qat’iy qarshilik ko‘rsatgani natijasida qochib qolganini bayon qilgan. Shundan so‘ng o‘tkazilgan tezkor tadbirda ikki nafar gumonlanuvchi ushlangan.
Aniqlanishicha, ular 2003 va 1998 yillarda Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, avval Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan sudlangan. Gumonlanuvchilarga tegishli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, yukxonasidan o‘tkir tig‘li bolta topilib, prosessual tartibda rasmiylashtirilgan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, surishtiruv davomida ushlanganlar ayblovlarni tan olgan. Ularning telefonlari tekshirilganda Telegram messenjerida buyurtmachi bilan yozishmalar aniqlangan.
Yozishmalardan ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchilarga arizachini har qanday yo‘l bilan buyurtmachining oldiga olib borish topshirilgan. Shuningdek, ular yana bir fuqaroni ham majburan olib kelishi, agar bu uddalanmasa, uning bo‘yniga elektroshoker bilan urib, hushsizlantirib bo‘lsa ham yetkazishi kerak bo‘lgan.
IIV tarqatgan videoda gumonlanuvchilardan biri bu gapni “hazil tariqasida” aytganini da’vo qilgan. Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchilar ikkinchi fuqaroni uning ishxonasi oldida qariyb to‘rt soat kutgan. Biroq u xizmat safariga ketganini bilgach, rejani boshqa kunga qoldirgan.
Holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 2-qismi “b” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
IIV fuqarolarni tovlamachilik, zo‘ravonlik va tahdid orqali pul undirish yoki xizmatlarni tekinga bajartirish kabi holatlarga duch kelsa, ichki ishlar organlariga murojaat qilishga chaqirdi. Vazirlikka ko‘ra, murojaatchining shaxsi sir saqlanadi.