Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida shaxmat bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan rapid yo‘nalishidagi jahon chempionati yakunlandi. O‘zbekiston vakillari bir oltin va bir kumush medalga sazovor bo‘ldi.
FIDE World Junior Rapid Chess Championships U20 musobaqasining ochiq turnirida Humoyun Begmurotov 7,5 ochko jamg‘arib, jahon chempioni bo‘ldi.
Ushbu yo‘nalishda ishtirok etgan boshqa hamyurtlarimizdan Muhammadzohid Suyarov 5 ochko, Muzaffarjon Abdurasulov 4,5 ochko va Usmonxon Tohirjonov 4 ochko to‘pladi.
Qizlar o‘rtasidagi bahslarda esa Umida Omonova 6,5 ochko bilan kumush medal sohibi bo‘ldi. Afruza Hamdamova ham 6,5 ochko jamg‘arib, beshinchi o‘rinni egalladi. Nilufarxon Imomqo‘ziyeva esa musobaqani 5 ochko bilan yakunladi.
Shu tariqa, O‘zbekiston shaxmatchilari 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi rapid bo‘yicha jahon chempionatini bitta oltin va bitta kumush medal bilan yakunladi.
Musobaqa doirasida 5–6 noyabr kunlari blis yo‘nalishidagi bahslar ham o‘tkaziladi. Unda o‘zbekistonlik shaxmatchilar yana medallar uchun kurash olib boradi.