Toshkent shahrida DXX va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 20 yoshli ayolni xorijga fohishalik uchun yubormoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, Angren shahrida yashovchi 25 yoshli ayol BAAning Dubay shahrida yashovchi tanishlari bilan til biriktirib, Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida yashovchi ayolni xorijda yuqori daromadli ish borligiga ishontirgan. Gumonlanuvchi shu yo‘l bilan uning ishonchiga kirib, chet elga yuborishga uringan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanuvchi Toshkent xalqaro aeroporti orqali Dubayga jo‘natilayotgan va u yerda uni boshqa bir O‘zbekiston fuqarosi kutib olishi kerak bo‘lgan. Biroq tezkor tadbir davomida ayol aeroportda ushlanib, odam savdosi bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarga chek qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, jabrlanuvchini aslida shahvoniy ekspluatasiya va fohishalik maqsadida xorijga yuborish rejalashtirilgan bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, shuningdek, jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.