Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika bolalar tibbiy reabilitasiya markazida bemor bolalar devorlarni tozalayotgani aks etgan video tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Vazirlik matbuot xizmatining bildirishicha, dastlabki o‘rganishlar davomida voqea 2026 yil 11 noyabr kuni sodir bo‘lgani aniqlangan.
O‘sha kuni markaz bo‘limining xo‘jalik bekasi ertalab soat 07:20 da ishga kelib, tozalikni nazorat qilish chog‘ida yo‘lak devorlarida oyoq izlari qolganini ko‘rgan.
Shundan so‘ng devorlarda oyoq izlari qolishiga sababchi bo‘lgan bolalar tozalash ishlariga jalb qilingan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan ishchi guruh tuzgan. O‘rganishlar yakunlariga ko‘ra, holatga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, Respublika bolalar tibbiy reabilitasiya markazi 2026 yil mart oyidan faoliyat yuritmoqda.
Muassasa 18 yoshgacha bo‘lgan bemorlarga asab tizimi, ortopediya, nafas yo‘llari va oshqozon-ichak kasalliklari bo‘yicha reabilitasiya xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan.
Markazning ichki tartibiga muvofiq, bemorlar har kuni ertalab yuvintiriladi, tana harorati o‘lchanadi va boshqa zarur tibbiy muolajalar o‘tkaziladi.
Hozircha holatga aloqador xodimlarga nisbatan qanday choralar qo‘llanishi ma’lum qilinmagan.