«Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, zarur sport infratuzilmasi mavjud bo‘lgan olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida suv polosi va sinxron suzish guruhlari tashkil etiladi.
Andijon hamda Qarshi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida suvga sakrash sport turini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti «Suv sporti turlari nazariyasi va uslubiyoti» hamda «Eshkak eshish sport turlari nazariyasi va uslubiyoti» kafedralari tashkil etiladi.
2025 yildan boshlab har yili quyidagi sport musobaqalari o‘tkaziladi:
- sinxron suzish sport turi bo‘yicha Toshkent shahrida «Suv parisi» xalqaro turniri;
- suzish sport turi bo‘yicha Samarqand viloyatida «Silk Water» xalqaro turniri;
- respublikaning barcha hududlarida yoz mavsumida o‘tkaziladigan «World Aquatics Day» ommaviy sport festivali;
- suv sporti turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionatlari.
2025 yil 1 iyunga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy investorga beriladigan suv havzalari ro‘yxati shakllantiriladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkaziladigan suv havzalari faoliyati mazkur qaror asosida tashkil etiladi.
2026 yildan boshlab tajriba tariqasida Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidagi mahallalarda 6x15 metr o‘lchamli suzish havzalari barpo etiladi.
Qaror bilan 2025–2027 yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida suv sporti turlari infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlandi.
Shuningdek, 2025–2027 yillarda milliy terma jamoalar trenerlari, shuningdek, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida suv sporti turlari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan trenerlar xorijiy davlatlarga qisqa muddatli stajirovkaga yuboriladi.