Shavkat Mirziyoyev 27 yanvarda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Toshkent shahri soliq idoralarini tanqid qildi va qator rahbarlarini ishdan oldi.
Xususan, Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Hojiakbar Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimjonovni ishdan olish, faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.
Soliq qo‘mitasining yangi raisi Farrux Po‘latovga Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalarining boshliqlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yish topshirildi.
Qo‘mita raisi va qo‘mitaga tayinlangan komplayens bo‘yicha yangi o‘rinbosar A.Soliyevga korrupsiyaga murosasiz muhitni yaratish, Toshkent shahri soliq rahbarlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqib, ularning o‘rnini vatanparvar, yangilikka intilib ishlaydigan shijoatli yoshlar bilan to‘ldirish vazifasi qo‘yildi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.G‘aniyev qo‘shtirnoq ostidagi «tadbirkor»larga soliqdan qochishda yo‘l ko‘rsatib yurgani uchun uni bugunning o‘zida ishdan olish topshirildi.