Bugun 26 may, 2025 yil, dushanba

КИР

Toshkent metro tarixida ilk bor: ayollar mashinistlikka tayyorlanmoqda

Toshkent metro tarixida ilk bor: ayollar mashinistlikka tayyorlanmoqda

"Toshkent metropoliteni" tizimida xotin-qizlarga alohida e’tibor berilmoqda. Xususan, tarixda ilk marotaba Toshkent metropolitenida ayollarni mashinistlikka tayyorlov ishlari yo‘lga qo‘yildi.

"Toshkent metropoliteni" DUK matbuot xizmati xodimi To‘ychi Mirzayevning ma’lum qilishicha, maxsus kurslarda o‘qish istagini bildirganlar soni ko‘pchilikni tashkil etgan. Lekin atigi 16 nafar talabgor suhbat, tibbiy ko‘rik va psixofiziologik tekshiruvdan o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Ushbu tayyorlov jarayoni 2024 yilning may oyidan boshlangan bo‘lib, hozirgi kunga qadar davom etmoqda. Maxsus saralash jarayonidan o‘tgan ayol-qizlar "Metroilm" (Metropoliten xodimlarini tayyorlash ilmiy-innovasion markazi) da tahsil olmoqda. Shuningdek, o‘quv jarayonlari Toshkent davlat transport universiteti va texnikumida ham olib borilmoqda. Ta’lim olish jarayoni 11 oy davom etishi rejalashtirilgan.

To‘ychi Mirzayevning aytishicha, kurs tinglovchisi bo‘lish uchun texnik ma’lumotlarga yetarlicha ega bo‘lish kerak. Bunga qo‘shimcha tarzda har bir tinglovchi tibbiy va psixofiziologik tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Ayol mashinistlarni tayyorlov kursiga qabul qilish uchun yosh chegarasi (20 yoshdan 35 yoshgacha) ham mavjud. Kursni muvaffaqiyatli yakunlab, imtihondan o‘tgan kursantlarga aprel-may oyida sertifikat taqdim etiladi. Shundan so‘ng, mashinist yordamchisi sifatida 3 oy davomida ishlaydi. Belgilangan sinov muddati o‘tganidan keyin, ichki imtihon ham o‘tkaziladi. Ushbu imtihondan yaxshi natijalar bilan o‘tgan xodimlar elektropoyezdni boshqarishi mumkin. Ilk faoliyatlari davomida ular buni murabbiylar nazorati ostida amalga oshiradi, so‘ngra mustaqil ish boshlashi mumkin.

T.Mirzayevga ko‘ra, O‘zbekiston MDH (Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi) orasida metro tizimida ayol mashinistlari bo‘lgan 2-davlat bo‘ladi.

Kiritildi: 17:19 08.05.2025. O'qildi: 518 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!