Kecha, 13 may kuni kuchli yomg‘ir oqibatida poytaxt ko‘chalarida katta ko‘lmaklar hosil bo‘lgani va bu transport vositalari hamda aholining harakatlanishiga qiyinchiliklar tug‘dirgani haqida ma’lum qilgan edik.
Ushbu holat yuzasidan shahar hokimligi vaziyatni izohlab, murojdaatnoma e’lon qildi. Shaharsozlik ishlari davomida o‘zgartirilgan yomg‘ir-qor suvlarini tortib ketishga mo‘ljallangan shaharning drenaj-lotok tizimi joriy holati tabiat injiqliklari oldida ojiz qolmoqda. Buning uchun Toshkent shahar hokimligi shahrimiz aholisi va mehmonlaridan uzr so‘raydi.
Toshkent shahar va tuman hokimliklari rejasiga ko‘ra bunyod etiluvchi barcha ob’ektlarning kommunikasiyalari aniq o‘lchamlarda olinadi, binolarda barcha sharoitlar yetarli bo‘lishiga erishilishdan tashqari obodonlashtirish borasida ham zarur tadbirlar qilinadi. Ana shunda yomg‘ir suvlariga mo‘ljallangan quvurlar bo‘lishi va suv to‘planib qolishining oldini olish alohida inobatga olinadi. Boshqa tashkilot va fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan bunyodkorliklarda esa aynan shahar rejasiga ko‘ra qurilgan yuzlab yomg‘ir suviga mo‘ljallangan quverlar ko‘mib yuborilgani kuzatilgan.
«Qosh qo‘yaman deb, ko‘zni chiqardi» degan maqolni aynan shunday holatga nisbatan ishlatsak, o‘rinli bo‘ladi. Negaki, ular go‘yoki atrofni obod qilgan, lekin shu bilan shahar infratuzilishiga sezilarli ziyon yetkazgan», deyiladi xabarda.
Fuqarolardan kelib tushayotgan ko‘plab taklif va mulohazalardan kelib chiqib, shahar drenaj-lotok tizimi ob’ektlarining haqiqiy holatini o‘rganish bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi qoshida maxsus ishchi guruh tuzilmoqda. Ishchi guruh tarkibiga tegishli tuman hokimligi, Obodonlashtirish boshqarmasi, «Suvsoz» korxonasi va tashabbuskor shaxslar ekspertlar sifatida jalb qilinib, yuqorida ko‘rsatilgan holatlar kelgusida takrorlanmasligi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi va bajarilishi ta’minlanadi. Takliflarni ishlab chiqishda dunyoning yirik megapolis shaharlarida qo‘llanilgan zamonaviy texnologik yechimlar o‘rganiladi.