Poytaxtda atmosfera havosi holati 24 soat davomida kuchaytirilgan tartibda monitoring qilinmoqda. Bu jarayonda avtomatik stansiyalar, mobil laboratoriyalar, meteorologik va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanilmoqda. Ekologik reydlar ham 24/7 rejimida davom ettirilyapti.
Ko‘rilgan choralar va monitoring natijalari:
🔹 Ekologiya qo‘mitasi, hududiy boshqarmalar va Milliy ekologik monitoring markazining 42 nafar mutaxassisidan iborat ishchi guruh tuzildi. Jami 43 ta ob’ekt tekshirildi. 4 noyabrga o‘tar kechasi poytaxtning 7 tumanidagi 15 ta ob’ekt ko‘rikdan o‘tkazildi.
🔹 Toshkent shahri va viloyatidagi 10 ta nazorat nuqtasida PM2.5 va PM10 zarrachalari bo‘yicha instrumental o‘lchovlar o‘tkazildi. Me’yordan oshish holatlari aniqlanmadi.
🔹 30 ta yirik qurilish tashkilotiga changni bostirish choralarini ko‘rish bo‘yicha ogohlantirish berildi.
🔹 Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi 131 ta I–II toifadagi korxona hamda 7 ta issiqlik elektr stansiyasiga chiqindilarni ikki barobar kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
🔹 Hokimliklarga favvoralarni muntazam ishlatish, ko‘cha va yo‘l chetlarini yuvish, qum-changni tozalash, o‘simlik chiqindilarini yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
🔹 Barg, shox-shabba, somon va boshqa o‘simlik chiqindilarini ochiq maydonlarda yoqishning oldini olish choralari kuchaytirildi.
Shuningdek, havo sifati bo‘yicha sutkalik prognozlarning aniqligi 88–92 foizni tashkil etmoqda. Ekologik monitoring mobil gaz analizatorlari va uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida ham olib borilmoqda.
Mutaxassislarga ko‘ra, havoda ifloslantiruvchi moddalar to‘planishiga sabab bo‘luvchi kuchsiz shamol va harorat inversiyasi 10 noyabrgacha saqlanib qolishi mumkin.