Avvalroq, Qozog‘istonda salonida o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus YTHga uchragani va tan jarohati olganlar borligi va ular shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergan edik. Transport vazirligi Axborot xizmatining bergan rasmiy izohiga ko‘ra, avtohalokat bugun soat 07:18 da “Toshkent–Bishkek” yo‘nalishida harakatlanayotgan davlat raqam belgisi 01 313 VFA bo‘lgan avtobus Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyatining "Shakpak" qishlog‘i yaqinidagi chorrahada haydovchining boshqaruvni yo‘qotishi natijasida transport vositasi yo‘l chetiga chiqib ketgan.
Mazkur avtobus 26 avgust kuni soat 22:00 da “Toshkent” avtovokzalidan ikki nafar haydovchi va 47 nafar yo‘lovchi bilan yo‘lga chiqqan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 12 kishi turli darajada tan jarohati olgan.
Ushbu avtobus Toshkent shahar Chilonzor tumani Bunyodkor ko‘chasi 7-uyda joylashgan “MIRONSHOX GRAND TRANS” MCHJga tegishli bo‘lib, 2022 yil 18 martda mazkur avtobusga lisenziya varaqasi Transport vazirligi tomonidan berilgan.
2018 yilda ishlab chiqarilgan “YUTONG BUS ZK6122H9” (Xitoy) rusumli avtobus oxirgi marta 2022 yil 17 martda Toshkent shahri IIBB YHXB RIBda texnik ko‘rikdan o‘tgan bo‘lgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan “MIRONSHOX GRAND TRANS” MCHJ rahbariyati va korxonada harakat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimlar bilan vakolatli organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.