Bu haqda mahalliy manbalar va qo‘lga kiritilgan hujjatlarga tayanib, AmuTV xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, “Tolibon”ning Hirot viloyatidagi Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish boshqarmasi aholiga ogohlantirish bergan. Unga ko‘ra, Afg‘onistonda oilalar ayollarning munosib kiyinish qoidalariga amal qilishini ta’minlashi shart.
Nashr qo‘lga kiritgan hujjat nusxasida yozilishicha, erkaklar o‘z oilasidagi ayollarning ko‘chaga hijobsiz chiqishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Endilikda ayollar ko‘chada ro‘molsiz yursa, yuzi ochiq holatda bo‘lsa, tor kiyim kiysa, pardoz qilgan bo‘lsa, “Tolibon” axloq polisiyasi tomonidan hibsga olinishi va ayollar qamoqxonasiga joylashtirilishi mumkin.
Buyruq talablarni bajarishni va erkak qarindoshlarning mas’uliyatini qat’iy belgilab qo‘yadi. Talablarni bajarmaganlar hibsga olinadi va “Tolibon” sud organlariga topshiriladi.
Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” axloq polisiyasi so‘nggi oylarda Hirotda ayollarning kiyinishini tekshirishni kuchaytirgan. Buning uchun shaharning gavjum joylarida nazorat punktlari tashkil etilgan.