Bugun 5 avgust, 2026 yil, chorshanba

КИР

“Tolibon” vakillari Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida namoyishchilarga qarata o‘t ochdi

“Tolibon” vakillari Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida namoyishchilarga qarata o‘t ochdi

Mahalliy aholi vakillarining Amu TV nashriga ma’lum qilishicha, norozilikka so‘nggi oylarda “Tolibon” harakati bosimni oshirgani sabab bo‘lgan. “Tolibon” hududda tintuv, hibsga olish va xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

"Kecha vaziyat juda yomon edi, bugun ham yaxshi emas. To‘qnashuvda 4 kishi o‘ldi, yana 9 kishi yaralandi. To‘qnashuvlar boshlangandan beri ko‘chaga chiqa olmayapmiz", — dedi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Boshqa bir fuqaroning aytishicha, “Tolibon” so‘nggi kunlarda hibsga olishni ko‘paytirgan. Yoshlar qo‘lga olinishdan qo‘rqib uydan chiqolmayapti. Uylar qayta-qayta tintuv qilinmoqda.

Biroq “Tolibon” vaziyatga boshqacha izoh berdi. Viloyat IIB ma’lum qilishicha, nazorat-o‘tkazish punktida giyohvand modda olib o‘tayotgan motosikl to‘xtatilgan. Shundan so‘ng to‘qnashuv yuzaga kelgan. Rasmiylar namoyishchilarni “hujumchilar” deb atadi va ularning bir nechtasi yaralanganini bildirdi.

Manbalar “Tolibon” orasida ham yaradorlar borligini tasdiqladi. Ammo ularning aniq soni ma’lum emas. Bir necha kundan beri Badaxshon viloyatining Yaftali Payin va Zebok tumanlarida “Afg‘oniston ozodlik fronti” kabi qurolli guruhlar va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Mamlakatda muxolifat faollashgani sababli “Tolibon” 2 avgust kuni yettita viloyatda 547 nafar yangi harbiy xizmatchi yollanganini bildirdi. Umuman olganda, 11 ta viloyatda, jumladan, Qandahor, Badaxshon, Xost, Kunar, Logar, Zobul, Paktiya, Paktika, Nuriston, Nangarhor va Nimro‘zda yangi askarlar yig‘ilmoqda.

Kiritildi: 13:06 04.08.2026. O'qildi: 1266 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!